Нашрлар

‘ICE LAND’ tovar belgisi iste'molchilarni tovarlarning kelib chiqishi haqida chalg’itadimi?

EUIPO (Yevropa Patent Offisi)dan farqli o'laroq O'zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi Apellatsiya kengashining ushbu savolga javobi – yo’q!

Yaqinda O'zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi Apellatsiya kengashi "ICE LAND" tovar belgisiga berilgan guvohnomani haqiqiy emas deb topilishi yuzasidan berilgan apellatsiya arizasini ko'rib chiqdi. Islandiya Respublikasi Tashqi ishlar va iqtisodiyot vazirligi tomonidan berilgan apellatsiya arizasiga ko’ra "ICE LAND" tovar belgisi chalg’ituvchi belgi ekanligi, ushbu belgi iste'molchilarning ongida tovarning geografik kelib chiqishi aynan Islandiya Respublikasi bilan bog’liq yanglish taassurot uyg’otishi ta'kidlangan. O’rganish natijasida ushbu ariza bo’yicha da'vo talablari Kengash tomonidan rad etildi va, aksincha, "ICE LAND" tovar belgisining ro’yxatdan o’tkazilishi qonuniy ekanligi ta’kidlab o’tildi.

Ma’lumot o’rnida:

2017 yilda tashkil etilgan “Premium Uzbekistan” MCHJ turli xil alkogol ichimliklar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan kompaniya bo’lib, nafaqat O'zbekistonda, balkim Markaziy Osiyoda yetakchi ishlab chiqaruvchi kompaniyalardan biri hisoblanadi.

'ICE LAND' tovar belgisi 2022 yilda TXXTning 33-sinf tovarlari (pivodan tashqari alkogolli ichimliklar va ichimliklar tayyorlash uchun alkogolli preparatlar) uchun ushbu kompaniya nomiga ro'yxatdan o'tkazilgan. Davlat ro’yxatidan o’tkazilganidan beri mazkur tovar belgisi faol ishlatilib kelinmoqda.
Apellatsiya kengashining ushbu nizo bo’yicha fikri:

Apellatsiya shikoyati Kengash tomonidan rad etildi (qaror o'zbek tilida chiqarilgan). O’zbekiston Respublikasi “Tovar belgilari, xizmat ko’rsatish belgilari va tovar kelib chiqqan joy nomlari to'g'risida”gi Qonunining 10-moddasiga ko'ra (i) iste’molchilarning ongida mahsulotning ishlab chiqaruvchisi haqida yoki (ii) ishlab chiqarilgan joy haqida yolg’on taassurot uyg’otadigan belgilar tovar belgilari sifatida ro 'yxatdan o'tkazilmasligi belgilangan.

Kengashning ta'kidlashicha “ICE LAND” belgisi alohida ma’no anglatuvchi ikki mustaqil so’zdan iborat ekanligi, ushbu so’z birikmasining ingliz tilida o’z tarjimasiga ega bo’lib, “Islandiya davlatining yerlari” yoki “Islandiya davlatiniki” degan ma’noni emas, balkim “muzli yer, muzli diyor” degan ma’noni anglatadi. Kengash tomonidan mahsulotlarda “ICE LAND” belgisining ishlatilishi o’rta iste’molchilar tomonidan ushbu mahsulotlarning Islandiya davlatiga tegishli yoki mazkur davlat bilan aloqasi bor deb qabul qilinishiga olib kelmasligiga alohida urg’u berilgan.

Shunigdek, Islandiya davlatining 1944-yil 17-iyunda qabul qilingan Konstitutsiyasida (Stjornlagaping a Islands) Islandiya davlatining rasmiy nomi “ICELAND” emas, “ISLANDS” shaklda keltirilganligi ta’kidlab o’tilgan.

Kengash tovar belgisining iste’molchini chalg’itishi holatlarini baholash uchun "o'rtacha iste'molchi"ni aniqlash zarurligini ta'kidlab o’tgan. O’zbekiston Respublikasining alkogol ichimliklarni tartibga solish bilan bog’liq qonunchilik hujjatlariga asosan ushbu mahsulotlar 21 yosh va undan katta yoshdagi iste’molchilarga sotilishi belgilangan, ya’ni ushbu tovarlarning o'rta iste'molchisi katta yoshdagilardir.

Shuningdek, Kengash tomonidan ushbu tovar belgisining ishlatilishi holatlariga ham e’tibor berilgan. Bunda “ICE LAND” tovar belgisi Islandiya davlati bilan to’g’ridan-to’g’ri bog’liq bo’lgan grafik elementlar, ya’ni davlat ramzlari, millat milliyligiga ishora qiluvchi belgilar va boshqalar bilan ishlatilmasligi aniqlangan. Mazkur belgi ostidagi mahsulotda qor va muzlar bilan qoplangan tog'lar, daryodan iborat bo'lgan vodiyning surati tasvirlangani, “ICE LAND” belgisining ushbu tasvirlar bilan ishlatilishi mazkur tasvirlarni tushuntirishga xizmat qilgan degan xulosaga kelingan.

Bundan tashqari, O'zbekistonda ingliz tili rasmiy til emasligi va jamiyatning barcha a'zolari ham bu tilni yaxshi bilmasligi va mamlakat nomi o'zbek tilida boshqacha yozilganligini hisobga olsak, iste'molchilar 'ICE LAND' belgisini mamlakat nomi sifatida qabul qilish ehtimoli kamroq degan xulosaga kelishdi.

Kengash tomonidan yana shu holat ta’kidlandiki, ro’yxatdan o’tkazilgan “ICE LAND” tovar belgisi Islandiya davlatidagi kompaniyalarga o'z mamlakatlari nomidan mahsulotlarida ishlatilishiga hamda ushbu mahsulotlarni O’zbekiston Respublikasiga olib kiritilishiga to'sqinlik qilmaydi.

Ushbu omillarning barchasini hisobga olgan holda, Kengash da'voni rad etishga va tovar belgisining haqiqiyligini himoya qilishga qaror qildi.

Islandiya ishi bo'yicha EUIPO (Yevropa Ittifoqi Intellektual mulk ofisi) Yuqori Kengashi qarori:

Yuqorida muhokama qilingan ishdan farqli o'laroq, EUIPO Islandiya davlati hukumati tomonidan taqdim etilgan ishda Iceland Foods Ltd [ushbu masala bo’yicha havolalar ushbu yerda va bu yerda] nomiga ro’yxatdan o'tkazilgan 'ICELAND' tovar belgisini haqiqiy emas deb topishga qaror qildi [havola ushbu yerda]. Garchi bu holatda deyarli bir xil yondashuv qo'llanilgan bo'lsa ham, natija turlicha edi.

EUIPO Yuqori Kengashi “ICELAND” tovar belgisi supermarketlar tarmog’ida ishlatilishi ushbu yerda sotiladigan tovarlarning geografik kelib chiqishi haqida iste'molchilarni chalg’itishi mumkin degan xulosaga kelgan.

EUIPO Yuqori Kengashi tomonidan e’tibor berilgan yana bir holat – bu jamoat manfaati. Tovarlar yoki xizmatlarning xususiyatlarini (geografik kelib chiqishini) ifodalash uchun ishlatiladigan belgilar bir xil xususiyatlarga ega bo'lgan tovarlar va xizmatlarni taklif qiluvchi barcha tadbirkorlik subyektlari uchun foydalanishda erkin bo'lishi kerakligi ta'kidlandi.

Bundan tashqari, Yevropa Ittifoqining o’rta iste’molchilari tomonidan “ICELAND” tovar belgisi tovar va xizmatlarning geografik kelib chiqishini tavsiflovchi belgisi sifatida qabul qilishi ta'kidlandi. Natijada, Yuqori Kengash ro'yxatdan o'tkazilgan “ICELAND” tovar belgisini haqiqiy emas deb topishga qaror qildi.

Izohlar:

O'zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi Apellatsiya kengashi tomonidan ko’rilgan “ICE LAND” tovar belgisi bo’yicha ishni EUIPO Yuqori Kengashi tomonidan ko’rilgan “ICELAND” tovar belgisi bo’yicha nizo bilan qaiyoslash tovar belgilari to'g'risidagi milliy qonunchilik hujjatlari, xususan, geografik nomlar va iste'molchilarni chalg’ishi oid normalarning murakkabligini, har bir holat bo’yicha alohida yondashish kerakligini ta'kidlaydi. O'zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi Apellatsiya kengashining 'ICE LAND' tovar belgisini qo'llab-quvvatlash to'g'risidagi qarori kontekstual va mahsulotlar kesimida o’rta iste'molchining fikrlariga asoslangan yondashuvni aks ettiradi. EUIPO Yuqori Kengashining ro’yxatdan o’tkazilgan 'ICELAND' tovar belgisini bekor qilishi Islandiya davlatining manfaatlariga yo’naltirilgan yondashuvdan dalolat beradi. Ushbu holatlar iste'molchilarni chalg’ishiga sabab bo'lishi mumkin bo'lgan barcha omillarni har tomonlama o’rganish va baholash muhimligini ta'kidlaydi.